“Sergeli dehqon bozori” AJ ijroiya organiga bozor hududidagi baliq, go‘sht va boshqa mahsulotlar bilan savdo qiluvchi do‘konlarni investorlarni jalb etgan holda ta’mirlash hamda qurish vazifasi yuklandi. Bu boradagi qaror 8-aprel kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda qabul qilingan.
Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining “Qurilish sohasiga oid yagona maʼmuriy qurilish reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan baliq, go‘sht va boshqa mahsulotlarga mo‘ljallangan yengil tipdagi savdo do‘konlarni tegishli organlardan ruxsatnomalar olgan holda amaldagi qonunlarga, meʼyoriy hujjatlarga asosan qurilish va taʼmirlash ishlarini investorlarni jalb etgan holda amalga oshirish jamiyat ijroiya organiga yuklatilgan. Shuningdek, jamiyat ijroiya organi yana qo‘shimcha manbalar topib, daromad manbalarini ko‘paytiriladi hamda “Biznes-reja” parametrlarini to‘liq bajarish choralarini ko‘radi.
Ta’kidlash kerakki, “Sergeli dehqon bozori” aksiyadorlik jamiyati ustav fondining 95,53 foiz aksiyadori poytaxt hokimligi hisoblanadi.
Bundan tashqari har yili yil yakuni bo‘yicha bo‘lib o‘tadigan aksiyadorlar umumiy yig‘ilishida jamiyat direktorining mehnat shartnomasi masalasi ko‘rib chiqiladi va bunda mehnat shartnomani davom ettirilishiga direktorning jamiyat faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha majburiyatlari hamda jamiyatning yillik biznes-rejasini bajarishi holatiga, har chorak yakuni bo‘yicha jamiyat kuzatuv kengashi oldida beradigan hisobotlarining davriyligiga qaraladi.
Avvalroq poytaxtdagi “Mirobod dehqon bozori” AJ 2023-yilda 2 milliard so‘mdan ziyod sof foyda ko‘rgani xabar qilingandi. Bozor maʼmuriyati mazkur mablag‘lardan 50 foizini ajratmalar va davlat ulushi bo‘yicha dividendlarga o‘tkazadi. Jamiyat kuzatuv kengashi, boshqaruv organlari va xodimlarini 2023-yil yakuni bo‘yicha rag‘batlantirishga 554 million so‘m yo‘naltiradi. Qolgan 513 million so‘m sof foyda jamiyatning moddiy texnika bazasini mustahkamlash va rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
Izoh (0)