Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev qirg‘izistonlik hamkasbi Sadir Japarovni 1-darajali “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirladi. Bu haqda Akorda matbuot xizmati xabar berdi.
To‘qayev qirg‘izistonlik hamkasbining ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasini ta’kidladi.
Qirg‘iziston — bizni chuqur tarixiy ildizlar bilan bog‘laydigan qardosh davlat. Qirg‘iziston — eng yaqin va ishonchli strategik hamkorimiz. O‘zaro manfaatli munosabatlarimizni ikki xalqning qardoshlik rishtalari chambarchas bog‘lab turadi. Men sizning bu boradagi rolingizni qadrlayman, — dedi Qosim-Jo‘mart To‘qayev.
U Qozog‘iston Qirg‘iziston bilan strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini kengaytirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.
Shubhasiz, ko‘p tomonlama aloqalarni mustahkamlashda sizning hissangiz katta. Alohida hurmat va samimiy minnatdorlik belgisi sifatida sizni 1-darajali “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlashga qaror qildim. Ishonchim komilki, ushbu mukofot ikki tomonlama munosabatlarni faollashtirishga xizmat qiladi. Qozog‘iston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi do‘stlik abadiy bo‘lsin, — dedi u.
Sadir Japarov qozog‘istonlik hamkasbiga minnatdorlik bildirib, ikki davlatlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishda barcha sa’y-harakatlarga tayyorligini bildirdi.
Izoh (0)