Rossiya fuqarolarining Fransiyadagi mulklarini musodara qilish noqonuniy hisoblanadi va bu mamlakat huquq tizimining asoslarini buzadi, dedi prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
Brifingda undan Biarrits yaqinidagi rossiyalik tadbirkor Artur Ocheretniyga tegishli villaning hibsga olinishiga izoh berish so‘ralgan.
“Bu xususiy mulk, shuning uchun xususiy mulkka har qanday tajovuz umumiy qonunlarni buzish hisoblanadi va bu o‘z-o‘zidan noqonuniy xatti-harakatdir”, — deb javob berdi Peskov.
“Bu bilan Fransiya hukumati o‘z huquq tizimining asoslarini buzmoqda”, — deya qo‘shimcha qildi Rossiya prezidenti matbuot kotibi.
Avvalroq Fransiya huquq-tartibot idoralari xodimlari 2023-yil dekabr oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putinning sobiq rafiqasi Lyudmila Ocheretnayaga tegishli villani musodara qilgani xabar berilgandi.
Ma’lum qilinishicha, Biarrits yaqinida joylashgan villa rossiyalik Artur Ocheretniyga tegishli bo‘lgan. U Putinning sobiq xotinining hozirgi eri hisoblanadi. Rêverie nomli villa 1920-yillarda boy anglo-belgiyalik moliyachi Alfred Levenshteyn tomonidan qurilgan. 2013-yil dekabr oyida 5000 kvadrat metrlik mulk Ocheretniy tomonidan 5,4 million yevroga sotib olingan.
Izoh (0)