Futbol bo‘yicha Ispaniya uchinchi divizionining 32-turida “Malaga” “Atletiko B” jamoasini mag‘lub etdi.
Hakamning uchrashuvni yakunlovchi hushtagi yangraganidan so‘ng “Malaga” futbolchisi Dani Lorenso muxlislarning qo‘llab-quvvatlashiga minnatdorchilik bildirish va ular bilan suratga tushish maqsadida tribunaga yaqinlashdi. Muxlislardan biri uning libosini so‘radi va unga 50 yevro pul uzatdi. Ushbu vaziyat kameralarga tushib qoldi.
Lorenso nega muxlisdan pul olganiga izoh berdi: “Barchasi juda tez ro‘y berdi. Odamlar tushunishi kerak: biz uchinchi divizionda o‘ynaymiz, men millioner bo‘lishni xohlasam ham, hozir unday emas.
Bizda liboslar soni cheklangan. Men keragidan ortiq libos tarqatib bo‘lganman. Klub libosning pulini maoshimizdan olib qoladi. Buni men tribunadagi odamga tushuntirdim va u menga 50 yevro uzatdi.
U meni hayron qoldirdi. Endi esa pulni olib to‘g‘ri qildimmi yoki yo‘qmi deb o‘ylab o‘tiribman. Men buni xudbinlik uchun qilmaganimni odamlar to‘g‘ri tushunadi deb o‘ylayman”.
Lorenso joriy mavsum Ispaniya uchinchi divizionida 30 ta o‘yin o‘tkazib, 4 ta gol va 3 ta golli uzatmaga mualliflik qildi. “Malaga” esa turnir jadvalida 61 ochko bilan 4-o‘rinda bormoqda.
Izoh (0)