HAMAS harakati Isroilning o‘t ochishni to‘xtatish taklifini rad etib, o‘z javobini Misr va Qatardagi vositachilarga yetkazganini aytdi, deya Euronews xabar berdi.
HAMAS Isroildan G‘azoda o‘t ochmaslikni talab qilishda davom etar ekan, muzokaralar to‘xtab qolmoqda. Avvalroq HAMAS harakati rahbari Ismoil Haniyaning uch o‘g‘li va nabiralari Isroil hujumi oqibatida halok bo‘lgani xabar qilingandi. Haniya yaqinlarining o‘limi davom etayotgan sulh muzokaralaridagi HAMASning pozitsiyasini o‘zgartirmasligini aytgan.
HAMAS o‘t ochishni butkul to‘xtatish, Isroil qo‘shinlarini to‘liq olib chiqish va ko‘chirilgan falastinliklarni G‘azo shimoliga qaytarish haqidagi dastlabki talablariga sodiq qolmoqda. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning ta’kidlashicha, Isroil guruh yo‘q qilinmaguncha va barcha isroillik garovga olinganlar ozod etilmaguncha kurashni davom ettiradi.
14-aprel kuni yuzlab ko‘chirilgan falastinliklar sektor markazidan shimolga, qirg‘oq bo‘yidagi Ar-Rashid ko‘chasi orqali qochishga harakat qilgan. Ammo Isroil harbiylari odamlarning uylariga qaytishiga ruxsat bermay, ularga ortga qaytishni buyurgan.
Xuddi shu kuni Isroil harbiylari tomonidan Livandagi Hizbullohning qurol zavodlari va boshqa harbiy obyektlariga zarbalar berilgani aks etgan video tarqaldi. Zarba Eron Isroil harbiy postlariga havo hujumlari uyushtirganidan bir necha soat o‘tib amalga oshirilgan.
Izoh (0)