Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mao Ningning aytishicha, Pekin Moskva bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikka boshqalar aralashishiga toqat qilmaydi. Uning qo‘shimcha qilishicha, bu aloqalar boshqa davlatlar tomonidan ham qoralanmasligi kerak.
“Xitoy AQSHni ‘olovga moy sepishni’ bas qilishga, Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi normal davlatlararo munosabatlarni obro‘sizlantirishni to‘xtatishga va aybni Xitoyga yuklashni bas qilishga chaqiradi”, — dedi Mao Ning.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Pekin Ukraina mojarosida neytral pozitsiyani saqlab qoladi va muammolarni siyosiy yo‘l bilan hal qilishda konstruktiv rol o‘ynashda davom etadi. Uning aytishicha, Rossiya bilan hamkorlik Xitoy uchun muhim. Hozirda tomonlar munosabatlari yuqori darajaga ko‘tarilgan, chunki ularning rivojlanishi ikki davlat manfaatlariga mos keladi.
8 va 9-aprel kunlari Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov rasmiy tashrif bilan Xitoyda bo‘ldi. Pekinda u Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I va Xitoy raisi Si Szinpin bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Lavrovning safarini oliy darajadagi muloqotlarga tayyorgarlik sifatida baholash mumkin, dedi.
Izoh (0)