Ichki turizmni rivojlantirish maqsadida Namanganni Buxoro va Samarqand bilan bog‘lovchi temiryo‘l reyslari yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda viloyat imkoniyatlarini ishga solish masalalariga bag‘ishlangan prezident raisligidagi yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda Namangan viloyati maydonining 20 foizi tog‘lardan iboratligi tog‘ turizmini rivojlantirish uchun katta imkoniyat ekani, bunday loyihalarni Pop, Chust, Yangiqo‘rg‘on, Kosonsoy va Chortoqda amalga oshirish mumkinligi qayd etildi.
Germaniyalik hamkorlar bilan Shahrisabz tajribasi asosida bu tumanlarda tog‘ turizmini rivojlantirish master-rejasini ishlab chiqish va yil yakunigacha loyihalarni boshlash muhimligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev mahalliy va xorijiy sayyohlar oqimini keskin o‘sishi uchun transport sohasida imkoniyatlar to‘liq ishga solinmaganini ko‘rsatib o‘tdi.
Transport vazirligiga bayram kunlari avia va temiryo‘l reyslari sonini 2 barobar oshirish, Namangan yoki Farg‘onaga uchish grafigini qayta ko‘rib chiqib, vodiyga har kuni bo‘ladigan aviareyslarni ko‘paytirish topshirildi.
Ichki turizmni rivojlantirish maqsadida Namanganni Buxoro va Samarqand bilan bog‘lovchi temiryo‘l reyslari, Namangan—Pop—Chodak yo‘nalishida har kuni ekspress yo‘lovchi poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.
Izoh (0)