Surxondaryo viloyati Boysun tumanida fuqaro tergovchilar uni elektr toki bilan qiynaganini aytdi. Viloyat prokuraturasi holatga izoh berdi.
Aniqlanishicha, Boysun tumanida yashovchi fuqaro A.A. o‘zining murojaatida jiyani M.A.ni joriy yilning 10-yanvar kuni tuman IIB xodimlari urib, tan jarohati yetkazganini ma’lum qilgan. Holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilgan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida fuqaro M.A.ning 10-yanvarda tuman IIB binosiga kirib chiqqani tegishli tartibda qayd qilingan. Uning kelishi va binoni tark etishi hamda so‘rov-suhbatxonasida suhbat o‘tkazish jarayonlari tushirilgan videotasvir protsessual tartibda rasmiylashtirib olinib, ko‘zdan kechirilganda, fuqaro M.A. sog‘lom holatda kelib, sog‘lom holatda IIB binosini tark etgani aniqlangan.
Shuningdek, viloyat IIB tomonidan holat bo‘yicha o‘tkazilgan idoraviy xizmat tekshiruvi xulosasiga ko‘ra, tuman IIB xodimlarining harakatlarida qonunbuzilishi holatlari aniqlanmagan.
Bundan tashqari, sud-tibbiy ekspertizasi tekshiruvi davomida fuqaro M.A.ning badanidagi yengil tan jarohati yetkazilgan vaqti fuqaro bayon qilgan vaqtga mos kelmasligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Tergovga qadar tekshiruv natijasiga ko‘ra, biror-bir shaxsning harakatlarida jinoyat tarkibi aniqlanmagani sababli Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilingan.
Izoh (0)