Ozarbayjon poytaxtidagi Haydar Aliyev markazida “Choklardagi meros: O‘zbekistonning kashtachilik va tikuvchilik anʼanalari bo‘ylab sayohat” ko‘rgazmasi ochildi. Bu haqda prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva xabar berdi.
Qayd etilishicha, unda 140 dan ortiq bezakli amaliy sanʼat namunalari taqdim etilgan.
So‘zanalar kashtachi ustalar tomonidan oylar davomida tikiladi. Ulardagi har bir gul va naqshlar chuqur maʼnoga ega. Anʼanaviy zar choponlarimiz, rang-barang so‘zanalar va qimmatbaho toshlar bilan bezalgan kumush taqinchoqlar ko‘rgazmaga tashrif buyuruvchilarda unutilmas taassurot qoldiradi, degan umiddaman, — deb yozadi Mirziyoyeva.
O‘z navbatida prezident yordamchisi muzey mutaxassislari va ushbu ko‘rgazmani tashkil etishda qatnashgan barchaga chin yurakdan minnatdorlik izhor etgan.
Kuni kecha Bokuda ochilgan ko‘rgazma doirasida O‘zbekistonning madaniy merosi bilan tanishuv “Lazgi — Muhabbat va qalb raqsi” spektaklidan boshlangan edi.
Izoh (0)