Buxoro shahrida inspeksiyadan rad javobini olgan fuqaro baribir ikkita daraxtni kesib tashladi. Bu haqda viloyat Ekologiya boshqarmasi xabar berdi.
Unga ko‘ra, Navoiy shohko‘chasi 25-uy hududida qurilish ishlari olib borilayotgani sababli fuqaro G.F. Davlat xizmatlari agentligiga 2 dona shumtol daraxtini kesish bo‘yicha ariza topshirgan. Ushbu ariza Buxoro shahar inspeksiyasi inspektorlari tomonidan ko‘rib chiqilib, rad javobi berilgan.
Rad javobi berilgan bo‘lsa-da, fuqaro G.F. tomonidan 1 tup shumtol daraxti kesib tashlangani hamda 1 tup shumtol daraxti noqonuniy boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazilgani ma’lum bo‘ldi.
Holat yuzasidan huquqbuzar fuqaroga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 12 million 240 ming so‘m tabiatga yetkazilgan zarar hamda 8 million 500 ming so‘m jarima qo‘llandi.
Izoh (0)