“Sug‘urta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirishning kompleks chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Telegram’dagi “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
Qarorga ko‘ra, 2024-yil 1-sentyabrdan:
- sug‘urtaning barcha turlari bo‘yicha sug‘urta (qayta sug‘urta) shartnomalarini yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tkazish va sug‘urta polislarini ushbu tizim orqali rasmiylashtirish majburiy hisoblanadi;
- barcha sug‘urta turlari bo‘yicha sug‘urta polislarini faqat qog‘oz shaklda rasmiylashtirish amaliyoti bekor qilinadi;
- sug‘urta polislarini yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali rasmiylashtirmaslik ularni haqiqiy emas deb topishga asos bo‘ladi hamda sug‘urtalovchi tomonidan litsenziya talablari va shartlarini bir marta qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi;
- Istiqbolli loyihalar milliy agentligi sug‘urtalovchilar tomonidan ko‘rsatiladigan sug‘urta xizmatlari sifati bo‘yicha sug‘urtalovchilar reytingini yuritadi va ommaviy axborot vositalarida eʼlon qiladi.
Quyidagilarga shartnomalarning o‘z vaqtida rasmiylashtirilishini taʼminlash majburiyati yuklatiladi:
- Soliq qo‘mitasi va Transport vazirligiga ish beruvchining va tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomalarini;
- Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasiga xavfli ishlab chiqarish obyektida avariya yuz bergan taqdirda boshqa shaxslarning hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga hamda atrof-muhitga zarar yetkazganlik uchun fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomalarini;
- Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga obyektlarni davlat mablag‘lari va hukumat kafolati ostidagi kreditlar hisobiga barpo etishda qurilish tavakkalchiliklarini majburiy sug‘urta qilish shartnomalarini.
Izoh (0)