Toshkentda xavfli manyovrlar sodir etib, qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlangan BYD haydovchisi javobgarlikka tortildi, deb xabar beradi poytaxt IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi.
Ijtimoiy tarmoqlarda 29-fevral kuni BYD rusumli avtomashina haydovchisi, o‘zi va o‘zgalarning hayotini xavf ostiga qo‘yib, qarama-qarshi yo‘lda harakatlangani aks etgan video tarqaldi.
Toshkent shahar IIBB YHXB xabariga ko‘ra, mazkur video o‘rganilib, ushbu avtomashina haydovchisi, 2001-yilda tug‘ilgan B.A.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-5-moddasi (transport vositalari haydovchilarining xalaqit berishi yoki avariya holatini yuzaga keltirishi, yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo‘ljallangan tomoniga yoki bo‘lagiga chiqishi) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
“Haydovchi, unutmang, yo‘l o‘yin maydoni emas. Barcha haydovchilardan qoidalarga rioya qilishlarini so‘raymiz”, — deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun O‘zbekistonda 2023-yili 9 839 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, ularda 9 209 nafar fuqaro jarohatlangan va 2 282 nafar fuqaro halok bo‘lgan.
Izoh (0)