Rossiya Airlines aviakompaniyasining Sankt-Peterburgdan Samarqandga uchgan reysi Navoiy shahridagi zaxira aeroportiga yo‘naltirildi. Bu haqda Telegram’dagi “Novosti Tashkentskogo nebo” kanali xabar berdi.
![](/static/2023/Fozilbek/photo_2024-03-01_08-12-48.jpg)
Qayd etilishicha, Boeing 737-8GJ samolyoti ekipaji Samarqand shahridagi noqulay ob-havo sharoiti — kuchli qor sabab zaxira aeroportiga yo‘l olish qarorini qabul qilgan.
Samarqand xalqaro aeroporti uchish-qo‘nish yo‘lagi qordan tozalanayotgani sabab vaqtincha yopilgan.
Eslatib o‘tamiz, 8-fevral kuni Toshkentda Rossiyaning “Aeroflot” reysi 6 soatdan ortiq kechiktirilgandi. Yanvar oxirida esa Toshkentdan Dubayga uchishi kerak bo‘lgan reys bir kunga kechiktirilgani to‘g‘risida xabar berilgan edi.
Izoh (0)