Respublikada 2017-yilda yillik inflyatsiya 14,4 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2024-yil fevralda bu ko‘rsatkich 8,3 foizgacha pastladi. Bu haqda Statistika agentligi tayyorlagan isteʼmol narxlari indeksida maʼlum qilindi.
Agentlik hisob-kitoblariga ko‘ra, mamlakatda fevraldagi oylik inflyatsiya 0,3 foizni, yillik inflyatsiya 8,35 foizni tashkil etgan. Bunda oziq-ovqat mahsulotlarining oylik inflyatsiyasi 0,2 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlarniki ham 0,2 foizga, xizmatlarniki 0,7 foizga o‘sgan.
Yillik hisobda oziq-ovqat mahsulotlari 2023-yilning fevral oyidagi ko‘rsatkichga nisbatan 8,7 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlari 7,4 foizga o‘sgan. Xizmatlar inflyatsiyasi tezlashishda davom etib, fevralda yillik 9,1 foizni tashkil etgan. Yanvar oyida bu ko‘rsatkich 8,9 foiz bo‘lgan.
So‘nggi 7 yilda O‘zbekistonda (fevral oyida) kuzatilgan yillik inflyatsiya ko‘rsatkichlari:
- 2017-yilda — 14,4 foiz;
- 2018-yilda — 14,3 foiz;
- 2019-yilda — 13,5 foiz;
- 2020-yilda — 13,5 foiz;
- 2021-yilda — 11,4 foiz;
- 2022-yilda — 9,7 foiz;
- 2023-yilda — 12,2 foiz.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning yanvarida oylik inflyatsiya 0,6 foizni, yillik inflyatsiya 8,6 foizni tashkil etgandi. Markaziy bank 2024-yilda umumiy inflyatsiya 8 – 9 foiz darajasida shakllanishini prognoz qilgan.
Izoh (0)