Uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TXIF-III) 2024-yilning 2-3-may kunlari bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, TXIF — nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqa uchun muhim tadbir hisoblanadi. Anʼanaga muvofiq, uning dasturiga davlat rahbari darajasidagi yalpi majlis, turli masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan ekspertlarning 50 dan ortiq uchrashuvlari, jumladan panel munozaralari, davra suhbatlari va B2B muzokaralari kiritilgan.
Forumning har bir ishtirokchisi hamkorlar bilan manfaatlar kesishadigan nuqtalarini topishi, muayyan investitsiya loyihalarini o‘rganishi, o‘nlab yo‘nalishlarda ro‘y berayotgan so‘nggi tendensiyalarni muhokama qilishi va istiqbolli takliflarni qabul qilishi mumkin bo‘ladi.
Forum kun tartibida dunyodagi iqtisodiy turbulentlik fonida barqaror o‘sish surʼatlarini namoyish etayotgan, bosqichma-bosqich Markaziy Osiyoning haqiqiy investitsiya markaziga aylanib borayotgan O‘zbekistonning salohiyatini namoyon etish alohida o‘rin tutadi.
Forum miqyosi va geografiyasi yildan-yilga oshi bormoqda. Taqqoslash uchun TXIF-2022 (birinchi forum) forumiga 56 davlatdan 2 mingdan ortiq yirik investorlar va yuqori martabali mehmonlar tashrif buyurgan. TXIF-2023 esa 70 ta mamlakatdan 2500 nafar ishtirokchi jamlangan. Forum natijalarga ko‘ra, 11 mlrd dollarlik 164 hujjat imzolangan.
2024-yilda Toshkent butun dunyodan yanada ko‘proq mehmonlar – investorlar, rasmiylar va tahlilchilarni qabul qilishi kutilmoqda.
Izoh (0)