Buyuk Britaniya qiroli Charlz III tojni o‘z merosxo‘riga topshirish rejasini ishlab chiqmoqda. Bu haqda Daily Mirror xabar berdi.
Vorislik rejalari qirolning saratonga chalingani ma’lum bo‘lgach ishlab chiqila boshlagan. Britaniya qirollik oilasi bo‘yicha mutaxassis Tom Kuinn bu haqda ma’lumot bergan.
Kuinnga ko‘ra, tegishli reja qirolning kenja o‘g‘li shahzoda Garridan sir tutilmoqda. Unga bo‘lgan ishonchsizlik Garrining intervyulari va uning memuarida qirol oilasiga qilgan hujumlaridan keyin paydo bo‘lgan.
5-fevral kuni Bukingem saroyi Buyuk Charlz III prostata bezining kattalashishi tufayli kasalxonaga yotqizilganida saraton kasalligi aniqlanganini ma’lum qildi.
“Janobi oliylari mish-mishlarning oldini olish uchun va bu butun dunyo bo‘ylab saraton kasalligidan aziyat chekayotganlarni tushunishga yordam beradi, degan umidda o‘z tashxisi bilan bo‘lishishga qaror qildi”, — deyilgan Bukingem saroyi bayonotida.
Yanvar oyi o‘rtalarida Bukingem saroyi Charlz III prostata bezining kengayishidan davolanishini eʼlon qildi. U 26-yanvar kuni kasalxonaga yotqizilgan va shu kuni monarx jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan. Amaliyot muvaffaqiyatli o‘tgan. 29-yanvar kuni Charlz III kasalxonadan chiqdi, ammo shifokorlar sog‘ayib ketishi uchun unga ommaviy tadbirlarni bir necha kunga qoldirishni maslahat berdi.
Izoh (0)