Toshkent viloyati ekologiya boshqarmasi Zangiota tumani bo‘limi davlat inspektorlari tomonidan nazorat tadbiri o‘tkazildi.
Qayd etilishicha, reyd davomida “Mevazor” MFYda yashovchi fuqarolarning murojaatiga asosan issiqxonalar faoliyati o‘rganilgan. Tekshiruv davomida fuqarolar N.A va U.K. issiqxonani isitishda avtomobil shinalari yoqqani aniqlangan.
Holat yuzasidan huquqbuzarlarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 88-moddasi (atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya qilmaslik) 1-qismi bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Fuqarolar kelgusida bunday holatlarni sodir etmasligi to‘g‘risida ogohlantirilib, tushuntirish ishlari olib borilgan.
Avvalroq 21-fevral kuni Toshkent shahri dunyoning havo sifati eng iflos shaharlari reytingida 1-o‘ringa chiqqani xabar qilingandi. Bunday havoda shahar aholisiga ko‘chada niqob taqib yurish, derazalarni ochmaslik, uy ichini namlantiruvchi vositalar bilan tozalash tavsiya etib kelinadi. O‘z navbatida Toshkent viloyati hokimligi ijtimoiy tarmoqlarda ko‘mir sifatining havo ifloslanishiga salbiy taʼsiri ko‘rsatilgan videolavhalarga munosabat bildirgandi.
Izoh (0)