Qoraqalpog‘istonning Ellikqalʼa va Amudaryo, Navoiyning Xatirchi tumanida valyuta qimmatliklarini noqonuniy muomalaga kiritilishining oldi olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, departamentning Ellikqalʼa tuman bo‘limi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda valyuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan F.U. va M.K. jami 4 ming dollarni fuqaro M.T.dan 49,6 mln so‘mga sotib olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi departament hamda DXXning Amudaryo tumani bo‘limlari tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda valyuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan G‘.Sh. jami 3,5 ming dollarni fuqaro X.B.dan 43,5 mln so‘mga sotib olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning Xatirchi tuman bo‘limi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa valyuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan A.T. va N.R. fuqaro G.J.ga 3 ming dollarni 37,5 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Izoh (0)