“O‘zgidromet” saytidagi faktik ob-havo bo‘limida maʼlum qilinishicha, bugun (20-fevral) soat 8:00 holatiga butun respublikada harorat 0 darajadan past.
Saytda ko‘rinishicha, harorat faqatgina Guliston shahrida 0 daraja sovuqni tashkil qilmoqda. Qolgan hududlar bundan sovuqroq.
Eng past harorat Nukus shahrida – 13,2 daraja sovuq. Shu bilan birga, Urganch shahrida -11,4 daraja sovuq bo‘layotganini ko‘rish mumkin.
Navoiy (-8 daraja), Samarqand (-6,1 daraja), Toshkent (-5,6 daraja) shaharlarida ham havo harorati boshqa hududlarga nisbatan sovuqroq.
Sayt maʼlumotlariga qaraganda, Termiz, Qarshi, Samarqand, Jizzax, Guliston, Toshkent, Nurafshon, Namangan, Farg‘ona, Andijon shaharlarida bir vaqtning o‘zida (soat 08:00 holatiga) qor yog‘moqda.
“O‘zgidromet”ning so‘nggi prognozlariga ko‘ra, o‘tgan hafta oxirida O‘zbekiston hududiga kirib kelgan sovuq havo massasi o‘z taʼsirini saqlab turadi.
Joriy hafta davomida havo harorati asosan kechalari 3–8 daraja sovuq, shimolda 7–12 daraja sovuq, baʼzi joylarda 16 daraja sovuqqacha, 21–23-fevralda kunduz kunlari 0–5 daraja iliq atrofida bo‘ladi.
“21—23-fevral kunlari asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Respublika bo‘yicha baʼzi joylarga tuman tushadi. Shamol shimoli–sharqdan 7–12 m/s tezlikda esadi. Yo‘llarda yaxmalak kuzatiladi.Tog‘li hududlarda vaqti-vaqti bilan qor yog‘adi. Qor ko‘chishi xavfi bor”, – deya maʼlum qilgan “O‘zgidromet”
Toshkent shahrida bugun (20-fevral) kechasi va ertalab vaqti-vaqti bilan qor yog‘ishi qayd etilgan. Poytaxtda 21-23-fevralda yog‘ingarchilik kutilmaydi va havo harorati 0–5 daraja iliq bo‘ladi.
Izoh (0)