Turkiya respublikasi prezidenti huzuridagi Kommunikatsiyalar boshqarmasi O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi OAV vakillari uchun Turkiyaga press-tur uyushtirdi. Safar davomida jurnalistlar Malatya viloyatida ham bo‘lib, konteyner uylarda yashovchi aholi vakillari bilan uchrashdi. “Daryo” jurnalisti konteynerlarda yashayotgan aholining yashash tarzini suratga oldi.
Malatya hokimi Ersin Yazijining OAV vakillariga bildirishicha, ayni kunda hududda salkam 118 ming aholi konteynerlarda istiqomat qilmoqda.
2023-yilning 6-fevral kuni sodir bo‘lgan zilzila sabab Malatyada 1237 nafar kishi vafot etgan. 6444 nafar fuqaro yaralangan. Vayron bo‘lgan binolar soni 6643 tani tashkil etsa, jiddiy shikastlangan binolar 35 907 taga yetgan.
Mas’ullarning aytishicha, shahardagi 32 ming 420 ta konteyner uylarda 117 ming 690 nafar fuqaro yashaydi.
Viloyatda zilziladan so‘ng ayni kungacha 14 ming 636 ta xonadonli yangi uylar qurilgan.
Malatyada zilzila oqibatida 46 ta maktab binosiga zarar yetgan. 2 ta maktab butunlay vayron bo‘lgan. Ayni kunda bu maktab o‘quvchilari uchun konteyner maktablar tashkil etilgan bo‘lib, o‘quvchilarning ta’lim olishi uchun barcha sharoitlar yaratib berilgan.
Izoh (0)