Toshkent shahrida daraxtga elektromobil quvvatlagichi o‘rnatgan fuqaroga chora ko‘rildi. Bu haqda poytaxt ekologiya boshqarmasi xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Chilonzor tumani 16-mavze 5-uy oldida 1 tup daraxtga elektromobil quvvatlagichi burama mix bilan o‘rnatilgani haqida xabar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi Chilonzor tumani inspektorlari tomonidan o‘rganish ishlari olib borilgan.
Natijada fuqaro A.X. tomonidan tumanning 16-mavze 5-uy oldidagi 1 tup daraxtga elektromobil quvvatlagichi burama mix bilan o‘rnatilgani aniqlangan va vaziyat joyida bartaraf etilgan.
Yuqoridagi holat bo‘yicha fuqaro A.X.ga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismi (o‘simlik dunyosi obyektlarini yig‘ish, tayyorlash va ulardan foydalanish tartibi hamda shartlarini buzish) bo‘yicha maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 1,7 million so‘m jarima belgilangan hamda tushuntirish ishlari olib borilgan.
Avvalroq Qashqadaryoda kanal qirg‘og‘ini rekonstruksiya qilish vaqtida 150 ta daraxt qo‘porib tashlangani, Xorazm viloyati Shovot tumanida daraxtlar kesib, yoqib yuborilishi oqibatida 756 million so‘m zarar yetkazilgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Shuningdek, Sirdaryoda ariqlarni betonlashtirish jarayonida tabiatga 232 million so‘m zarar yetkazilgan edi.
Izoh (0)