Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) O‘zbekistonda chorvachilik sohasini rivojlantirish loyihasi uchun 200 million dollar ajratadi. Bu haqda “O‘zcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisi Bahrom Norqobilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Tokioda JICA vitse-prezidenti Sachiko Imoto bilan uchrashgan.
Tashkilot rahbariyatiga O‘zbekistonda charm-poyabzal sohasini rivojlantirish borasidagi ishlar, jumladan, xomashyoni chuqur qayta ishlash, undan tayyor mahsulotlar olish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi, investitsiya, eksport salohiyati to‘g‘risida maʼlumot berilgan.
JICA’dan jalb qilinadigan 200 million dollar chorvachilik, charm-sanoat, baliqchilik, parrandachilik sohalaridagi tadbirkorlik subyektlariga imtiyozli kreditlar berish orqali moliyaviy qo‘llab-quvvatlanadi.
Jumladan, ushbu o‘zlashtiriladigan mablag‘larning 40 million dollari terini qayta ishlash va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘nalishida faoliyat yuritish niyatida bo‘lgan tadbirkorlarga imtiyozli kredit shaklida ajratiladi.
Avvalroq O‘zbekistonda chorvachilik xo‘jaliklariga 2025-yil 31-dekabrgacha davlat tomonidan xorijdan import qilingan nasldor qoramolning har bir boshiga 2 million so‘m, nasldor qo‘y va echkining har bir boshiga 400 ming so‘m miqdorda subsidiya ajratilishi to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)