Buyuk Britaniya va Finlyandiya BMTning Yaqin Sharqdagi Falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligini (UNRWA) moliyalashtirishni to‘xtatishga qaror qildi. Bu haqda Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi xabar bermoqda.
Yevropa davlatlari UNRWA ni moliyaviy ko‘makdan mahrum qilishiga uning ayrim xodimlari Isroilga qarshi jangovar harakatlarda qatnashayotgani haqidagi xabarlar sabab bo‘lgan.
“Ushbu iddaolar sinchiklab tekshirilgunga qadar UNRWA ga barcha mablag‘larni o‘tkazish vaqtincha to‘xtatiladi. Biz G‘azo sektoridagi odamlarga insonparvarlik yordamini yetkazish zarurligiga ishonishda davom etamiz”, — deya tushuntirdi Britaniya diplomatlari.
BMT agentligi 26-yanvar kuni Isroilga uyushtirilgan hujumlarga aloqadorlikda gumon qilingan bir necha xodim ustidan tergov olib borilayotganini ma’lum qilgandi.
Isroil rasmiylari tashkilotga bu shaxslar haqida ma’lumot bergan. “Agentlikning gumanitar yordam yetkazish qobiliyatini himoya qilish” maqsadida ular bilan hamkorlik zudlik bilan to‘xtatildi. Buning ortidan AQSH Davlat departamenti agentlikka pul ajratishni to‘xtatishga qaror qildi. Xuddi shunday qaror Kanadada ham qabul qilingan.
Izoh (0)