Bosh prokuratura matbuot xizmati Andijon viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda prokuror o‘rinbosari pora bilan qo‘lga tushgani aytilgan xabarlarga munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Andijon viloyati prokuraturasi va Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, bir fuqaro Asaka tumani prokuraturasi ish yurituvidagi jinoyat ishi bo‘yicha yengillik qilib berishni vaʼda qilib, firibgarlik yo‘li bilan boshqa fuqarodan talab qilingan 15 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi shaxs protsessual tartibida ushlandi.
“Shuni qayd qilish lozimki, Asaka tumani prokurorining o‘rinbosari tadbirda pora bilan qo‘lga tushganligi haqidagi maʼlumotlar mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”, — deyiladi munosabatda.
Eslatib o‘tamiz, 2021-yilda Andijon prokuraturasi xodimi 15 ming dollar pora bilan qo‘lga tushgandi.
Izoh (0)