Ispaniyaning World2Meet turoperatori Toshkent va Urganchga charter reyslarini yo‘lga qo‘ymoqchi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar qildi.
Bu borada World2Meet NewBlue va Kannak sayyohlik kompaniyalari bilan hamkorlik qiladi. Charter reyslari Madridni Toshkent va Urganch aeroportlari bilan bog‘laydi va World2Meet turoperatoriga tegishli World2Fly aviakompaniyasining Airbus 330-300 samolyotlarida amalga oshiriladi.
Parvozlar ikki bosqichda — 8-maydan 12-iyungacha va 4-sentyabrdan 30-oktyabrgacha tashkil etiladi.
Kannak sayyohlik kompaniyasi direktori Karlos Florido mazkur charter reyslar doirasida O‘zbekistonga sayyohlik yo‘nalishini ishlab chiqqanini bildirdi. Uning aytishicha, ushbu yo‘nalishning o‘ziga xosligi shundaki, tur Urganchda boshlanib, Toshkentda tugaydi yoki aksincha.
Bir hafta davomida ushbu yo‘nalish O‘zbekistonning Xiva, Buxoro, Samarqand va Toshkent shaharlari bo‘ylab ming kilometrga yaqin masofani bosib o‘tadi. Respublika bo‘ylab sayohat avtobuslarda amalga oshiriladi.
Izoh (0)