Toshkent shahar hokimligi poytaxtdagi ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida kompleks chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilayotganini e’lon qildi.
“Bunda eng avvalo ekologik barqarorlikni taʼminlash, havoga chiqayotgan maishiy chiqindilarni kamaytirish, jamoat transporti tizimini ham sifat, ham son jihatdan yaxshilash, yo‘llarda ustuvorlikni mashinalarga emas, eng avvalo piyodalarga, undan so‘ng jamoat transportiga berishga qaratilgan infratuzilmani yaratish va shu kabi bir qator o‘zgarishlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Ekologik holatni yaxshilash va aholi salomatligini asrab-avaylash maqsadida ayrim keskin qarorlarni qabul qilish talab etiladi. Shu sababli mazkur qarorlar kelgusida salbiy oqibatlarni keltirib chiqarmasligi uchun ilmiy tadqiqotlar hamda tahlillarga asoslangan bo‘lishi zarur”, — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, ayni kunlarda shahar hokimligi huzurida har bir yo‘nalish bo‘yicha, mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda, ishchi guruhlar faoliyat olib bormoqda. Har bir ishchi guruhning tahliliy xulosalari asosida poytaxt miqyosida qilinadigan amaliy choralar haqida taqdimot tayyorlanmoqda. Tez orada ushbu taqdimot keng jamoatchilik eʼtiboriga havola etiladi.
Toshkent shahar hokimligi poytaxtda ekologik vaziyat yomonlashayotgani, havo ifloslanishi, yo‘llarda tirbandliklar ko‘payib borayotgani muammosiga befarq bo‘lmasdan, o‘z fikr va takliflari bilan muhokamalarda ishtirok etayotgan fuqarolarga minnatdorlik bildirdi.
Izoh (0)