Ozarbayjon poytaxti Bokuda mebel ishlab chiqarish ustaxonasida kuchli portlash yuz berdi. Bu haqda Respublika Tibbiyot hududiy birliklarini boshqarish uyushmasi (TƏBİB) matbuot xizmatiga tayanib, “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Voqea Binogadi tumani Abay Kunanboyev ko‘chasidagi ustaxonada sodir bo‘lgan. U haqdagi maʼlumotlar Respublika tez tibbiy yordam va shoshilinch tibbiy yordam markaziga kelib tushgan. Favqulodda hodisa joyiga zudlik bilan 15 ta tez yordam brigadasi yuborildi.
“Baku TV” xabariga ko‘ra, portlash oqibatida kamida ikki kishi halok bo‘lgan, o‘nlab odamlar yaralangan. Voqea joyiga politsiya yetib kelgan.
Avvalroq Qozog‘istonning Uralsk shahridagi kafeda gaz portlashi oqibatda yong‘in chiqib, bino qulab tushgandi. Shuningdek, Liberiya markazida benzin ortilgan avtosisterna portlab, kamida 40 kishi halok bo‘lgani, o‘nlab odamlar jarohatlangani haqida xabar berilgan.
Izoh (0)