Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan tabrik yo‘lladi.
U o‘z tabrigida mamlakat rivoji va xalq farovonligining asosi tinchlik ekanini ta’kidlab o‘tdi.
“Oftob tafti, tandirdan yangi uzilgan issiqqina kulcha, oila davrasida fayzli oqshomlar, boshimiz uzra musaffo osmon... Vatan deganda birinchi bo‘lib shular ko‘z oldimizga keladi.
Vaqt o‘tgan sayin mamlakat rivoji va xalq farovonligining asosi tinchlik ekanini yanada chuqurroq anglab yetyapman. Xavfsizlik va osoyishtalikni ta'minlashda yurtimiz himoyachilarining o‘rni beqiyosdir. Ular orasida jasur ayollarimizning borligi alohida tahsinga loyiq.
Ushbu shukuhli kunda mardonavor mehnatingiz hamda Vatanga bo‘lgan sadoqatingiz uchun sizga o‘z ehtiromimni, minnatdorligimni izhor etishni istardim”, — deydi prezident yordamchisi.
Saida Mirziyoyeva baxtli hayot kechirish imkoni uchun Vatan himoyachilariga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
“Bugun sizga, haqiqiy qahramonlarga qarab, qalblarimiz o‘zgacha g‘urur-iftixorga to‘ladi. Zero, siz zimmangizga yuklatilgan davlat mustaqilligi va daxlsizligini ta'minlashdek sharafli burchni munosib ado etmoqdasiz.
Vatan himoyachilari kuni muborak bo‘lsin! Siz tufayli orzu-niyatlar qilish, mehr ulashish va shunchaki baxtli hayot kechirish imkonimiz borligi uchun katta rahmat!”, — deyiladi tabrikda.
Izoh (0)