Tashkent Pharma Park innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri hududida “Biotexnologiyalar klasteri” tashkil etiladi. Bu haqda “Farmatsevtika tarmog‘ini yanada rivojlantirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarorida belgilandi.
Qaror bilan Tashkent Pharma Park faoliyatini jadallashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. “Biotexnologiyalar klasteri” tashkil etilishi uchun unga qo‘shimcha 60 gektar yer maydoni ajratilishi belgilandi.
2024–2025-yillarda farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”, farmatsevtika sohasida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining yig‘ma parametrlari ham tasdiqlandi.
Qarorga ko‘ra, shuningdek:
- har yili 1-dekabrgacha tibbiyot muassasalarining ehtiyojlaridan kelib chiqib, kelgusi yil uchun farmatsevtika mahsulotlariga bo‘lgan talab va ehtiyoj shakllantiriladi va internet saytida joylashtiriladi;
- 2024-yil 1-martdan davlat xaridlarini amalga oshirishda davlat buyurtmachisi bir lotda faqat bitta farmatsevtika mahsulotini (xalqaro patentlanmagan nomi bo‘yicha dori vositalari va tibbiy buyumlar) kiritishi mumkin bo‘lgan tizim joriy qilinadi;
- 2025-yil 1-yanvardan bosqichma-bosqich barcha tibbiyot muassasalari tomonidan markazlashmagan tartibda xarid qilinadigan farmatsevtika mahsulotlari xaridi markazlashtirilgan tartibga o‘tkaziladi.
2024-yil yakunigacha hududiy tibbiyot tashkilotlarining omborlari “Zarur saqlash amaliyoti – (GSP)” talablari asosida tashkil etiladi va termolabil dori vositalarini yetkazib berish uchun maxsus yuk tashuvchi avtotransport vositalari bilan ta’minlanadi.
Izoh (0)