Norvegiya hukumati mamlakat kompaniyalariga Ukrainaga to‘g‘ridan to‘g‘ri qurol va mudofaa mahsulotlarini sotishga ruxsat berdi. Qonunchilikka o‘zgartirishlar 2024-yil 1-yanvardan kuchga kirdi, deyiladi hukumat matbuot xizmati xabarida.
Rasmiylar ushbu qarorni Ukrainaga qurol yetkazib berish resurslari cheklangani sabab qo‘shimcha yordam ko‘rsatish zarurati bilan izohladi. Endi Norvegiya mudofaa kompaniyalari eksport va to‘g‘ridan to‘g‘ri sotishga ruxsat beruvchi litsenziya olish uchun Tashqi ishlar vazirligiga murojaat qilishi mumkin bo‘ladi.
Litsenziyalar quyidagi shartlar bajarilishiga ishonch hosil qilinganidan so‘ng beriladi: qurollarni faqat Ukraina hukumatiga sotish, undan foydalanish kafolatlari, yetkazib berish yo‘llarining xavfsizligi.
2022-yil fevralida urush boshlanganidan so‘ng Norvegiya Rossiyaning harakatlarini qoralab, Ukrainaga moliyaviy va harbiy yordam ko‘rsatuvchi davlatlar qatoriga qo‘shildi. Biroq Norvegiyada qurol ishlab chiqaruvchilariga jangovar harakatlar olib borilayotgan mamlakatlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri qurol yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzish taqiqlangan edi. Taqiq Ukrainadan boshqa davlatlar uchun hanuz amal qiladi.
Izoh (0)