Qirg‘izistonning “Qumtor” konida 50 tonnadan ortiq oltin bor. Bu haqda Qirg‘iziston Prezident matbuot xizmati rahbari Dayirbek Orunbekovga tayanib, “Sputnik Qirg‘iziston” xabar berdi.
Orunbekov “Qumtor” konining mamlakat yurisdiksiyasiga o‘tishidan oldingi va keyingi daromadlarini solishtirdi.
“Qumtor xorijiy kompaniya boshqaruvida bo‘lgan 28 yil davomida 410 tonna oltin qazib olindi, ammo Qirg‘izistonga bir gramm ham o‘tmadi. O‘sha yillarda Qirg‘iziston atigi 100 million dollar dividend olgan. Qumtor davlatga o‘tkazilgandan keyin, aniqrog‘i, 2022–2023-yillarda respublika 698,6 million dollar daromad oldi. Bundan tashqari, omborlarda 50 tonnadan ortiq oltin bor”, — dedi u.
2023-yilning o‘n oyida Qirg‘iziston 805,4 million dollarlik 12,8 tonna oltin eksport qildi. Bir oy davomida bu ko‘rsatkich 2,9 tonnaga oshgan. Qimmatbaho metallar eksportining asosiy hajmi Shveysariyaga to‘g‘ri keladi. U yerga 665 million dollarga 10,6 tonna oltin yetkazib berildi.
Izoh (0)