O‘zbekiston terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov Osiyo Kubogida ishtirok eta olmaydi.
Avvalroq, Eldor “Kalyari” jamoasidagi mashg‘ulotlar vaqtida jarohat olgani va fevral oyida maydonga qaytishi haqida xabar qilingandi.
Shomurodovning jarohati qanchalik jiddiyligi yuzasidan sport shifokori, mutaxassis Abror Pirriyev o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Eldor Shomurodovning hali ham Osiyo Kubogida ishtirok eta olishidan umidvor muxlislarning ko‘plab savollariga mutaxassis o‘laroq javob tarzda umumlashtirilgan quyidagi fikrni aytishim mumkin:
Eldor Shomurodov Qatarda kechadigan Osiyo Kubogidagi o‘yinlarda yashil maydonga tusha olmaydi! Agarda murabbiylar shtabi jamoaga dalda bo‘lishini ko‘zlabgina uni tarkibga kiritishsa, Eldor ushbu musobaqaning erkin ishtirokchisiga aylanishi mumkin xolos”,— deydi Abror Pirriyev.
Eslatib o‘tamiz, Qatarda bo‘lib o‘tadigan Osiyo Kubogi musobaqasi 12-yanvardan 10-fevralga qadar davom etadi. O‘zbekiston terma jamoasi Avstraliya, Hindiston va Suriya bilan birgalikda B guruhidan joy olgan.
Izoh (0)