Qora dengizda Panama bayrog‘i ostida harakatlanayotgan fuqarolik kemasi Rossiya harbiy-dengiz kuchlarining minasidan portladi. Bu haqda Ukraina mudofaa kuchlari xabar berdi.
Ukraina harbiylariga ko‘ra, yuk tashuvchi kema don ortish uchun Dunay portlaridan biriga yo‘l olgan. Portlash oqibatida kema tezligi va boshqaruvini yo‘qotgan, yuqori palubada yong‘in kelib chiqqan. Natijada kapitan kema cho‘kib ketishining oldini olish uchun uni sayozlikka olib chiqqan.
Kema ekipajiga dengiz xavfsizligi va qutqaruv xizmatining qayiqlari yordam bergan. Qayd etilishicha, bortga shifokorlar olib kelingan. Ikki dengizchi jarohat olgani ma’lum. Bir kishiga voqea joyida tibbiy yordam ko‘rsatilgan, biroq boshqa dengizchi jarohatlar bilan yaqin atrofdagi shifoxonaga yetkazilgan.
Mudofaa kuchlarining aytishicha, bo‘ronli ob-havo ko‘pincha mina bilan to‘qnashuv xavfini oshiradi. Shu sababli dengizni minalardan tozalash masalasi muhim ahamiyatga ega.
Izoh (0)