Eron boyitilgan uran ishlab chiqarish sur’atini yana oshirib, oyiga to‘qqiz kilogramm darajasiga yetkazdi, deb xabar berdi Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) 26-dekabr kuni. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, Eronda hozir 60 foizgacha boyitilgan uran mavjud, uchta atom bombasi yaratish uchun boyitish darajasi 90 foizga yetkazilishi mumkin.
“Eronda uchta atom bombasi yaratish uchun 60 foiz tozalikdagi uran mavjud va uran ishlab chiqarishda davom etmoqda”, — deb taʼkidladi MAGATE ekspertlari.
Reuters xabariga ko‘ra, MAGATE inspektorlari birinchi marta 25-noyabr kuni Fordo zavodida ishlab chiqarishning o‘zgarishini kuzatgan. Natangda ishlab chiqarish sur’atlarining o‘sishi 27-noyabrda qayd etilgan.
O‘z navbatida, Tehron atom bombasi yaratish maqsadini inkor etishda davom etmoqda.
Eronda MAGATE inspektorlarining akkreditatsiyasi bekor qilindi
2023-yil 16-sentyabrda Eron MAGATEga mamlakatdagi bir nechta agentlik inspektorlarining akkreditatsiyasini bekor qilayotgani haqida xabar berdi. Tashkilot rahbari Rafael Grossining so‘zlariga ko‘ra, Erondagi MAGATE inspektorlarining taxminan uchdan bir qismi ishdan chetlashtirilgan.
18-sentyabr kuni Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya va AQSH Eronni o‘z qarorini “zudlik bilan bekor qilishga” chaqirdi. To‘rt davlatning qo‘shma bayonotida aytilishicha, MAGATEda haligacha “deklaratsiya qilinmagan yadroviy materiallar va Eronda olib borilgan faoliyat bo‘yicha jiddiy va hal etilmagan savollar” bor, Islom Respublikasi ularga “to‘rt yildan beri javob bermayapti”.
Izoh (0)