Polshada O‘zbekiston vakillarining LOT Polish Airlines aviakompaniyasi prezidenti Mixal Fiyol bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Polsha tomoniga ko‘ra, aviakompaniya 2024-yil mart oyidan Varshava va Toshkent o‘rtasida muntazam aviareyslarni yo‘lga qo‘yadi. Mixal Fiyol O‘zbekiston elchixonasi va Tashqi ishlar vazirligiga uning mamlakatga yozgi tashrifida ko‘maklashilgani uchun alohida minnatdorlik bildirdi.
U joriy yil yozgi safari natijasida O‘zbekiston Transport vazirligi, Fuqaro aviatsiyasi agentligi, Uzbekistan airports AJ va Uzbekistan Airways AJ vakillari bilan samarali aloqalar o‘rnatgan. Aviakompaniya prezidentining ta’kidlashicha, o‘rnatilgan an’anaga asosan birinchi reysda Polsha tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari, turizm vaziri o‘rinbosari, parlament vakillari va boshqa rasmiy shaxslar O‘zbekistonga uchadi.
2024-yilda Varshava—Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha reyslarga talab yuqoriligini hisobga olib, aprel-iyun oylarida haftasiga 4 marta amalga oshirilishini, shuningdek, yiliga jami 40 ming yo‘lovchi tashish mumkinligini ta’kidladi.
Izoh (0)