Shavkat Mirziyoyev Qatarning milliy bayrami — Mustaqillik kuni munosabati bilan Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad al Soniyga tabrik yo‘lladi.
Prezident matbuot kotibining xabar qilishicha, maktubda O‘zbekiston va Qatar xalqlarini o‘zaro bog‘lab turuvchi tarixiy-madaniy rishtalar bugungi kunda keng ko‘lamli va uzoq muddatli aloqalarning mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qilayotgani katta mamnuniyat bilan ta’kidlangan.
“O‘rtamizda qaror topgan samimiy va do‘stona munosabatlar, sermahsul muloqotlarimizning tobora faollashib borayotgani, ko‘plab ustuvor sohalarda erishilgan muhim kelishuvlar natijasida so‘nggi paytlarda hamkorligimiz salohiyat va imkoniyatlarimizga mos bo‘lgan yuqori darajaga ko‘tarildi”, — deyiladi, jumladan, qutlovda.
Davlat rahbari Qatar yetakchisiga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt-saodat, mas’uliyatli davlatchilik faoliyatida yangi zafarlar, do‘st Qatar xalqiga esa tinchlik-omonlik, bardavom taraqqiyot va farovonlik tiladi.
Izoh (0)