“Toshshahartransxizmat” Uchtepa tumanida Yutong elektrobusi ishtirokida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, 14-dekabr kuni soat 09:15 larda “18-Avtobus saroyi” filiali tasarrufidagi Yutong elektrobusi haydovchisi A.A (staji 7 yil) Uchtepa tumani “O‘rikzor” mahallasidan o‘tgan Zarafshon ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib borayotgan vaqtda yo‘ldagi muzlama sababli boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetidagi simyog‘ochga borib urilgan. Mazkur yo‘l-transport hodisasi natijasida tan jarohati olganlar yo‘q. Yutong rusumli elektrobus texnik shikastlangan.
Hozirda ushbu yo‘l-transport hodisasi Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari tomonidan rasmiylashtirilib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, iyun oyida Toshkent shahar Uchtepa tumanida yo‘lovchi elektrobusi va Lacetti ishtirokida YTH sodir bo‘lgandi. Sentyabrda esa Toshkentda yo‘lovchilar bo‘lgan elektrobus beton ustunga borib urilgan edi.
Izoh (0)