Namangan viloyatida 98 ta jarimani to‘lamay yurgan haydovchining Tracker’i jarima maydonchasiga joylashtirildi. Bu haqda MIB axborot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
Qayd etilishicha, Majburiy ijro byurosi Namangan viloyati boshqarmasi tomonidan yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan bog‘liq jarimalarini to‘lamayotgan haydovchilarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilmoqda. Xususan, kuni kecha o‘tkazilgan tadbirda 98 ta jarimasi bor Tracker avtomobili vaqtinchalik jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, mazkur avtotransport haydovchisi jarimalarni 60 kun ichida to‘lamagan, shundan so‘ng hujjatlar Majburiy ijro byurosi Namangan shahar bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan.
Davlat ijrochisi tomonidan haydovchiga qarzdorlikni bartaraf etish yuzasidan ogohlantirilgan, ya’ni uyali raqamlariga SMS yuborilgan. Bir necha marotaba gaplashilgan ham. Lekin haydovchi qarzdorlikni to‘lash o‘rniga mashinasini haydab yurgan. Toshkent shahrida to‘xtatilib, maxsus planshet orqali ko‘rilganda jarima to‘lanmagani ma’lum bo‘ldi.
Ma’lum qilinishicha, umumiy qarzdorligi 36,3 million so‘mni tashkil qilgan Tracker vaqtinchalik jarima maydonchasiga joylashtirildi.
Izoh (0)