Ish haqlariga qo‘shimcha ravishda to‘langan ustama va mukofot pullari pensiya hisoblashda inobatga olinadi. Bu haqda Pensiya jamg‘armasi maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, hukumatning 2022-yil 13-oktyabrdagi qarori asosida tasdiqlangan “Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi nizomining 82-bandiga muvofiq:
- pensiya hisoblashda ish haqi tarkibiga, shuningdek, ish haqining natural qismiga 2019-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davr uchun qonunchilikka muvofiq sug‘urta badallari;
- 2019-yildan keyingi davr uchun O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 371-moddasida ko‘rsatilgan mehnatga haq to‘lash tarzidagi barcha daromadlar kiritiladi.
“Yaʼni fuqarolarning mehnat faoliyatlari davomida olgan ish haqlariga qo‘shimcha ravishda to‘langan ustama va mukofot pullari pensiya hisoblashda inobatga olinadi”,—deya maʼlum qildi jamg‘arma.
Pensiya miqdori ish stajining muddatiga bog‘liq bo‘lib, quyidagilardan tarkib topadi:
- pensiyaning tayanch miqdoridan;
- ish staji uchun pensiyaning oshirilishidan;
- pensiyaga qo‘shiladigan ustama haqlardan.
Ishlamaydigan pensionerlarga pensiyalarni yashab turgan joydagi Pensiya jamg‘armasi bo‘limlari to‘laydi. Ishlayotgan pensionerlarga pensiya ish joyida to‘lanadi.
Pensionerlarga pensiya ularning xohishiga ko‘ra, doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joydagi Pensiya jamg‘armasi bo‘limlari tomonidan naqd pulda yoki to‘lovni bank kartasiga o‘tkazish yo‘li bilan tijorat bankining filiali orqali to‘lanadi.
Izoh (0)