Ukraina Oliy Radasining sobiq deputati Ilya Kiva Moskva viloyatining Odintsovo tumanida o‘lik holda topildi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.
Ilya Kiva 46 yoshda bo‘lgan. U 2022-yilda Ukrainani tark etgan. Joriy yilning noyabr oyi o‘rtalarida Lvovning Lichakovskiy sudi uni sirtdan 14 yilga ozodlikdan mahrum qilgan. U davlatga xiyonat qilish, nafrat uyg‘otish, hokimiyatni egallash va agressiv urushga chaqirishda ayblangan. Kiva Rossiya hududida ekani ma’lum bo‘lgan, u xalqaro qidiruvga berilgan.
“Muxolifat platformasi” partiyasiga qo‘shilishdan oldin Kiva kommunist bo‘lgan, keyin Sotsialistik partiyadan prezidentlikka nomzod bo‘lgan. 2014-2015-yillarda u Donetsk va Lugansk viloyatlaridagi harbiy amaliyotlarda qatnashgan va Donbassni majburan ukrainlashtirish haqida gapirgan.
Rossiya bosqinidan sal oldin Kiva Ukrainani tark etgan va Moskvaning harakatlarini qo'llab-quvvatlagan. Ukrainaning BBC xizmatidagi manbaning ta’kidlashicha, Kivaning o‘limi “Ukraina xavfsizlik xizmatining maxsus operatsiyasi” bo‘lib, u o‘q otish quroli bilan o‘ldirilgan. Marhumning boshida o‘qotar quroldan qolgani taxmin qilinayotgan teshik bo‘lgan.
Izoh (0)