Qirg‘iziston Jogorku Kenesh deputatlari energetik ichimliklarni taqiqlovchi qonun loyihasining konsepsiyasini ma’qulladi. Bu haqda 24.kg xabar berdi.
Ijtimoiy siyosat bo‘yicha qo‘mita yig‘ilishida “Qirg‘iziston Respublikasi hududiga energetik ichimliklarni olib kirish, ishlab chiqarish va sotishni taqiqlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Taqiq tashabbuskori Jogorku Kenesh deputati Ulan Bakasov edi. U qonun loyihasi fuqarolar salomatligini muhofaza qilish va energetik ichimliklarni iste’mol qilish natijasida yuzaga keladigan oqibatlarni kamaytirishga qaratilganini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, energetik ichimlik tarkibida uch stakan kofe va 14 osh qoshiq shakar mavjud. Ijtimoiy siyosat bo‘yicha qo‘mita raisi Vinera Raimbachayevaning aytishicha, o‘zining tibbiy amaliyotida energetik ichimliklar ichish natijasida yurak xastaligi holatlari ko‘p bo‘lgan. U hozir qandli diabet bilan kasallangan bolalar ko‘pligini bildirdi.
Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Bubujan Ariqboyeva ham energetik ichimliklarning zarari haqida gapirdi. U bunday ichimlik tarkibida qirg‘izlar salomatligiga jiddiy xavf tug‘diruvchi kofein mavjudligini aytdi. Muhokama yakunlari bo‘yicha deputatlar qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildilar.
Izoh (0)