Oltin narxi bir unsiya uchun 2100 dollardan oshib, rekord o‘rnatdi. AFP maʼlumotlariga ko‘ra, savdolar ochilishida metallning narxi 2135,39 dollarga yetgan va bu pandemiya davrida 2020-yilda o‘rnatilgan avvalgi rekorddan oshib ketgan.
Isroil va Falastinning HAMAS harakati o‘rtasidagi urush fonida savdogarlar orasida oltin quymalariga qiziqish ortdi. AFP inflyatsiyaning sekinlashishini yana bir omil sifatida tilga oladi, buning fonida Federal zaxira tizimi (FXT) stavkalarini pasaytirishi mumkinligi haqidagi taxminlar yuzaga keldi.
Bunday taxmin FXT raisi Jerom Pauell 1-dekabr kuni stavkalar “cheklangan hududda” ekanini aytib,“FXT tez orada stavkalarni pasaytirishni boshlashi mumkinligiga umid uyg‘otganidan” keyin paydo bo‘ldi. Bloomberg’ga ko‘ra, treyderlar 2024-yil mart oyidan boshlab bunday harakatning 60 foiz ehtimolini ko‘rishadi.
Noyabr oyi oxirida jahon bozorida oltin narxi bir troya unsiyasi uchun 2050 dollardan oshdi va oxirgi yetti oylik eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi. Tahlilchilarning fikricha, metall kotirovkalarining yanada oshishi sezilarli bo‘lmaydi va yil oxiriga kelib narxlar 1,9 ming dollargacha tushishi mumkin.
Izoh (0)