NATO bosh kotibi Yens Stoltenbergning aytishicha, Rossiya qish oldidan katta miqdordagi raketa zaxirasini to‘pladi. Uning ta’kidlashicha, Shimoliy Atlantika alyansi Rossiyani past baholamasligi kerak, chunki uning iqtisodiyoti urushga yo‘naltirilmoqda.
“Rossiyaning Ukrainadagi maqsadlari o‘zgarmadi. Rossiya qish oldidan katta miqdordagi raketa zaxirasini to‘pladi. Va biz Ukrainani zulmat va sovuqda qoldirish maqsadida uning energetika tizimi va infratuzilmasiga hujum qilishning yangi urinishlarini ko‘ryapmiz”, — dedi Stoltenberg Ukraina-NATO kengashining tashqi ishlar vazirlari darajasidagi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanida. Uning nutqi NATO saytida chop etildi.
Yens Stoltenberg 27-noyabr kuni NATO tashqi ishlar vazirlarining Bryusseldagi uchrashuvi arafasida ham Rossiyaning kuchini to‘g‘ri baholash kerakligini aytgandi. Uning qayd etishicha, Ukrainaga NATO tomonidan harbiy yordam ko‘rsatilayotganiga qaramay, frontda hech qanday ijobiy o‘zgarish yo‘q.
Izoh (0)