Samarqand shahrida janjalga chek qo‘yishga borgan profilaktika inspektoriga qarshilik ko‘rsatgan fuqarolarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olindi. Bu haqda Samarqand viloyati IIB axborot xizmati rahbari ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 20-noyabr soat 19:30 da Samarqand shahar “Bunyod” mahallasida yashovchi fuqaro M.R. “102” operatoriga qo‘ng‘iroq qilib, yashash xonadonida janjal bo‘layotganini maʼlum qilib, profilaktika inspektorini yuborishni so‘ragan.
Shunga ko‘ra, Samarqand shahar bo‘yicha IIO FMB 6-son IIB profilaktika inspektori leytenant A.Toshpo‘lotov fuqaroning yashash xonadoniga borgan. Xodim manzilga yetib borganida muqaddam Jinoyat kodeksining bir necha moddalari bilan sudlangan fuqarolar M.R., uning opasi, turmush o‘rtog‘i va ukasi o‘zaro janjallashayotganini ko‘rib, ularni ajratib, janjalga chek qo‘yishga uringan. Shu vaqt fuqarolar profilaktika inspektoriga faol qarshilik ko‘rsatib, uni turli joylariga urib tan jarohati yetkazib, inspektorga tegishli bo‘lgan transport vositasining old oynasini sindirib, moddiy zarar yetkazishgan.
Voqea joyi tegishli tartibda ko‘zdan kechirilib, fuqarolarga nisbatan Jinoyat kodeksining 219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, protsessual tartibda qamoqqa olingan.
Eslatib o‘tamiz, aprel oyida Andijonda fuqarolar va ichki ishlar xodimi o‘rtasida mushtlashuv sodir bo‘lgandi. Shuningdek, Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida mast erkak bolta bilan profilaktika inspektoriga hujum qilgani to‘g‘risida xabar berilgan edi.
Izoh (0)