Ijtimoiy tarmoqda Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan bolalar uchun internat uyining sobiq direktori milliardlab so‘m mablag‘ni talon-toroj qilgani xususida xabarlar tarqalgan edi. Mazkur holat yuzasidan Andijon viloyati prokuraturasi izoh berdi.
Tarqalgan xabarlarda “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan bolalar uchun internat uyining sobiq direktori M.M. qurilish ishlari uchun ajratilgan 4 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ni talon-toroj qilgani aytilgan.
Viloyat prokuraturasining aniqlashicha, “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan bolalar uchun internat uyida amalga oshirilgan qurilishlar davomida jami 1 milliard 74 million so‘mlik byudjet mablag‘lari talon-toroj qilingan.
“Holat bo‘yicha qurilishni amalga oshirgan jamiyatlar hamda internat uyining mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” (ko‘p miqdorda firibgarlik) bandi va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda jinoyat ishi yuzasidan Qo‘rg‘ontepa tuman prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda”, – deyiladi prokuratura axborotida.
Qo‘shimcha qilinishicha, viloyat prokuraturasi tomonidan jinoyat ishining tergovi ustidan nazorat o‘rnatilgan.
Izoh (0)