Moskvada taksi haydovchisi bo‘lib ishlagan va to‘rt oy avval Rossiya Qurolli kuchlari safida Ukrainaga qarshi urushga ketgan tojikistonlik erkak halok bo‘ldi. Bu haqda Asia-Plus xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Nazrullo Junaydovning jasadi Moskvadagi qarindoshlariga topshirilgan. 43 yoshli Tojikiston fuqarosi to‘rt oy oldin harbiy xizmatga chaqiruv qog‘ozi olib, Ukrainadagi urushga jo‘natilgan. Qarindoshlariga ko‘ra, u 10-noyabr kuni Donetsk viloyatida halok bo‘lgan.
Marhumning yaqinlaridan biri 23-noyabr kuni anonim shartlar asosida Nazrullo 25 yil avval Rossiya fuqaroligini olgani, shundan so‘ng Tojikiston fuqaroligidan voz kechgani haqida xabar bergan. 15-noyabr kuni harbiy xizmatchilarga harbiy komissarlikdan qo‘ng‘iroq kelgan va asli tojikistonlik erkak urushda “qahramonlarcha halok bo‘lgani” aytilgan. Uning o‘limi tafsilotlari noma’lum.
“Narzullo taksida ishlagan. Unga chaqiruv qog‘ozi kelib, agar jang qilishdan bosh tortsa, qamoqqa olinishini aytishgan. U rozi bo‘lishga majbur bo‘lgan”, — deydi manba.
Marhumning qarindoshlari hozir uning jasadi bilan birga tobutni Tojikistonga olib borish masalasini hal qilmoqda. Rossiya rasmiylari uning uch farzandiga moddiy yordam ko‘rsatishni va’da qilgan.
Izoh (0)