Toshkent shahrida 21-noyabr kuni Prezident sovrini uchun o‘tkazilgan “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovining Respublika bosqichida ishtirok etgan 70 nafar o‘quvchi va 14 nafar o‘qituvchi Buyuk Britaniyaga ta’lim sayohatiga jo‘nab ketdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.
O‘qituvchi va o‘quvchilar 21—28-noyabr kunlari Buyuk Britaniyada bo‘ladi. Mazkur sayohatlari davomida Angliya ta’lim jarayonlari, jumladan, Ardmor til o‘rgatish maktabi, Kembrij, Oksford universitetlari faoliyati bilan yaqindan tanishadi, Kembrij, London, Vindzor, Oksford shaharlari, Temza daryosi bo‘ylab sayohat qiladi.
Ingliz tengdoshlari bilan o‘tkaziladigan turli uchrashuvlar, Buyuk Britaniya madaniyati va tarixi bilan bog‘liq tadbirlarda ishtirok etishadi.
Ma‘lumot uchun: “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovining Respublika bosqichi yakuniy natijalariga ko‘ra:
- Namangan viloyati, Namangan shahridagi 7-maktab jamoasi 1-o‘rinni (500 million so‘m);
- Toshkent shahri, Yashnobod tumanidagi 145-maktab jamoasi 2-o‘rinni (400 million so‘m);
- Buxoro viloyati, Buxoro tumanidagi 1-maktab jamoasi 3-o‘rinni (300 million so‘m) egallagan.
Izoh (0)