Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahridagi tug‘uruqxonada yetti oylik homilasi bor ayol vafot etgani aytilmoqda. Bu haqda jamoatchilikka oshkor qilgan marhumaning turmush o‘rtog‘iga ko‘ra, o‘lim holati 2023-yilning 13-noyabr kuni sodir bo‘lgan.
13-noyabr kuni soat 7:30 da shifoxonaga bordik. UTTga tushdi. UTTda hammasi yaxshi, og‘riqlariga yotadi deyishdi. Uch-to‘rt kunda chiqib ketadi. Yotqizdim. O‘sha kuni kechki payt bolam va onamni olib, ko‘rgani bordik. Shifoxonadan o‘z oyog‘i bilan yurib chiqdi. Kechki payt o‘nda telefon qildi, operatsiyaga dori kerak dedi. Borib olib keldim. Oshqozonini yuvamiz deyishdi. Shundan so‘ng yarim soatdan keyin yuragi to‘xtagan. O‘sha paytda ham menga dori yozib berishdi. Bir og‘iz aytishmabdi. Meni hammasi yaxshi deb aldab o‘tirishgan. Onaning yuragi to‘xtaganda ham kislorod qoladi-yu, bolani saqlab qolsa bo‘lardi-ku, — deydi marhumaning turmush o‘rtog‘i.
Murojaatchi shifokorlarga ishonmasligini aytgan.
Bularga qattiq chora ko‘rish kerak. Kerak bo‘lsa, qamash lozim. O‘g‘lim ertaga onam qani deganda, javob berolmayman, — deydi u.
Ayolidan ajralgan erkakning aytishicha, marhuma 30-noyabrda 26 yoshga to‘lar edi.
Onam kuyyapti, o‘g‘lim kuyyapti. Morgdan to‘g‘ri oldim va olib borib qo‘ydim. Do‘xtirlar uzr ham demadi. Bandachilik ham demadi, — deydi xotini o‘lganini aytgan erkak.
Murojaatchi erkak prezidentga murojaat qilib, ayolining o‘limiga sababchi bo‘lgan shifokorlar uzr so‘ramaganini, mahalla raisi va uning vakillari xonadonidan xabar olmaganini aytmoqda. Aybdorlarni qonuniy tarzda javobgar qilishni so‘ramoqda.
“Daryo” Telegram da tarqalgan videoga aniqlik kiritish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati rahbari Furqat Sanayev bilan bog‘landi. Mas’ul videoni ko‘rganini, homilador ayolning o‘lim holati haqiqatan ham ro‘y berganini tasdiqladi.
Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari bilan suhbatlashganimizda voqeani tasdiqlashdi. Bugun holatni o‘rganib, tez orada jamoatchilikka voqea tafsilotlarini ma’lum qilamiz, — dedi Furqat Sanayev.
Izoh (0)