Afg‘oniston so‘nggi paytlarda texnika yasash borasida ma’lum yutuqlarga erishmoqda. Bu safargi mini tank ham omma e’tiboridan chetda qolmadi. Bu haqda “Daryo”ning Afg‘onistondagi muxbiri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, “Tolibon” hukumatining Kasbiy tayyorgarlik departamenti kichik tank yasadi. Uning ustiga o‘q otish moslamasini o‘rnatdi va buni zirhli tank kashfiyoti sifatida e’lon qildi. Ushbu qurilmaning sinov jarayoni Kobuldagi mahallalardan birida amalga oshirildi.
Noyabr oyi boshida Afg‘onistonda yana bir kashfiyot — harbiy vertolyot namoyish qilingandi. Harbiy texnika uch yil ichida afg‘onistonlik 35 yoshli Abdulla Solihiy tomonidan yasalgan.
Oshpazlik va qurilish bilan shug‘ullangan Abdulla Solihiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya havo kemasiga o‘xshash ushbu vertolyotni tayyorlash uchun qariyb 5,5 ming dollar sarflagan. Solihiy bolaligidan vertolyotga qiziqqanini, Afg‘oniston qashshoq davlat bo‘lsa-da, boshqa mamlakatlar bilan raqobatlashishni orzu qilganini aytgan.
Ta’kidlash kerakki, yaqinda Afg‘onistonda Qatardagi ko‘rgazmaga namoyish etilgan sport avtomobili ishlab chiqarilgan edi.
Izoh (0)