Shavkat Mirziyoyevning Koreya prezidenti Yun Sok Yol bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi do‘stlik va alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Ikki mamlakat yetakchilarining joriy yil sentyabr oyida Nyu-York shahrida BMT Bosh assambleyasi yig‘ilishi doirasida o‘tgan uchrashuvida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Turli hamkorlik formatlarida faol muloqot va almashinuvlarni davom ettirish muhimligi qayd etildi. Yetakchi kompaniyalarning kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish hamda Janubiy Koreyaning bank-moliya institutlari bilan yangi sheriklik dasturini shakllantirishdan manfaatdorlik bildirildi.
Qo‘shma Hukumatlararo qo‘mita yig‘ilishini joriy yil oxirigacha o‘tkazishga kelishib olindi. O‘zbekiston va Koreya prezidentlari bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqdi.
Izoh (0)